Isroil hujumlari G‘azodagi 1,9 millionga yaqin odamni uylarini tark etishga majbur qildi.
2023-yil 7-oktabrdan beri Isroil hujumlari nishoniga aylangan G‘azo sektori aholisining infratuzilmasi va yashash sharoitlarini tiklash uzoq yillar davom etadi. Bu haqda BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) ijtimoiy tarmoqlardagi nashrida aytiladi.
Isroil hujumlari 2,3 million kishi istiqomat qiladigan G'azodagi 1,9 millionga yaqin odamni uylarini tashlab ketishga majbur qildi. Bayonotda ko'chirilgan falastinliklarning ko'pchiligi vaqtinchalik chodirlarda yashashga majbur bo'lganiga ham urg'u berildi.
Bundan tashqari, G'azodagi uylarning aksariyati butunlay vayron bo'lgan yoki yaroqsiz holatda ekanligi qayd etildi. UNRWA shuningdek, "infratuzilmani va hayotni qayta qurish va jarohatlarni yengish ko'p yillar davom etishini" ta'kidladi.
G'azodagi uylarning 92 foizi vayron bo'lgan
Isroil hujumlaridan so'ng, G'azo, ayniqsa mintaqaning shimolida sezilarli vayronagarchiliklar yuz berdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida 160 ming uy vayron bo‘lgan, 276 ming uy jiddiy yoki qisman zarar ko‘rgan. Bu G'azodagi uylarning 92 foizi yo vayron bo'lgan yoki buzilganligini anglatadi.
Eslatib o'tamiz, G‘azo sektorida Isroil va Falastinning HAMAS radikal guruhi o‘rtasida 15 oydan ortiq davom etayotgan urushni tugatish uchun tuzilgan olti haftalik sulh 19-yanvar, yakshanba kuni bir necha soatlik kechikish bilan kuchga kirgan edi. 42 kun davom etadigan birinchi bosqich doirasida Isroil 33 fuqarosini qaytaradi, buning evaziga qamoqxonalardagi 700 nafar falastinlik qo‘yib yuboriladi.
Shundan so'ng, Isroilning uch vaziri HAMAS bilan sulh sababli iste’foga chiqdi.
Maqola muallifi: I. Farhodova
Alpha version: 0.9.1.19 build 12500 | Инструменты