Bu holat hozir ham yuragimga ta’sir qilib turibdi. Qanday bu ishni qilish mumkin, birovning farzandi, qizi axir u - Abduqodir Toshqulov Surxondaryodagi "kelin va kuyov mojarosi" bilan bog'liq achchiq haqiqatni aytdi
2022-yil 16-iyun kuni AOKAda "Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish, professional ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha" matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Matbuot anjumanida Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Surxondaryo viloyatida bo‘lgan to‘ylardan birida kuyov kelinni urgani holati yuzasidan munosabat bildirdi:
“Birinchisi, bular talabamasmikan? Chunki men kafolat berolmayman, bu kabi holat talaba bilan ham bo‘lishi mumkin. Ikkinchisi, ular Surxondaryodanmasmikan, degan savol. Sababini bilasizlar (ma’lumot uchun, vazir Abduqodir Toshqulov Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida tug‘ilgan). Ikkinchi savolimga javob to‘g‘ri bo‘ldi, ular surxondaryolik ekan. Birinchi savolimga javob — ular talaba emas ekan”, — dedi Abduqodir Toshqulov.
Oliy ta’lim vazirining ta’kidlashicha, bu kabi holatlar bo‘lmasligi uchun talabalar barcha fanlardan yaxshi o‘qishiga majbur qilish kerak.
“Maktabda bolalar fanlarni qanday o‘qiyapti? Ta’limning boshqa bo‘g‘ini bo‘lganligi uchun muhokama qilmoqchi emasman. O‘zining tarixini, o‘zining qadriyatini, o‘zining ma’naviyatini qanchalik bilyapti? Bu holat hozir ham yuragimga ta’sir qilib turibdi. Qanday bu ishni qilish mumkin, birovning farzandi, qizi axir u. Ayollar, qizlar birozgina jismoniy nuqtayi nazardan ojiza bo‘lishi mumkin, lekin huquq jihatdan ularning huquqi ko‘proq deb o‘ylayman. Ularni ko‘proq ardoqlashimiz kerak”, - dedi vazir.
Abduqodir Toshqulov davlat va jamiyat muammolarining yechimi ta’limda ekanligini aytdi.
“Ta’limning muammosi mana shu, undagi muammolarning ko‘rinishi mana shunaqa jirkanch holatda. Bittasi ham signal”, — dedi u.
Eslatib o'tamiz, Surxondaryoda to'yda kelinni "alamidan" urgan kuyovga ma'muriy ish qo'zg'atilgani va bu video AQSH, Germaniya, Yaponiya, Koreya televideniyesida ham chiqib ketganligi haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122321 | Инструменты