Huawei 1
Farg‘onada 3 yoshli bola "Dok-1 Maks" siropidan zaharlandi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining bolalar reanimatsiya bo‘limida 3 yoshli  bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi natijasida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanmoqda. Bu bo'yicha Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Quvasoy shahridan bo‘lgan bemorning umumiy ahvoli og‘ir, ammo hushini yo'qotmagan. Bolaga tasdiqlangan davolash standarti asosida davo muolajalari olib borilmoqda.

“Viloyatdagi vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga olganman. Yana bir bor aholimizdan isitma tushiradigan dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi va nazoratida qabul qilishni so‘rayman. Qolaversa, farzandlarimizga shifokorning aniq tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan dori preparatlarini bermaslikni iltimos qilib qolamiz”, — deydi Farg‘ona SSB boshlig‘i.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol bo‘lgani uchun “Dok-1 Maks” siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Dok-1 Maks, Sinepar Kid, Ambronol siroplari tufayli Toshkentda 10 ga yaqin bola shifoxonaga yotqizilgan.

Aslida, bundan bir necha kun avval O‘zbekistonda tarkibida aynan mana shu zaharli modda bo'lgan "Dok-1 Maks" tabletka va sirop dori vositalarining savdosi to‘xtatildi. Sababi 4 ta viloyatda ushbu siropdan 18 nafar bola vafot etgan.

Holat yuzasidan 27-dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan dorini O'zbekistonga import qilgan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev videomurojaat orqali "Dok-1 Maks" siropini ichish natijasida dunyodan ko‘z yumgan 18 nafar bolaning ota-onalari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Shu bilan birga, mazkur ishga aloqador bo‘lgan va xatolikka yo‘l qo‘ygan barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi hamda hech kim bilan murosa qilinmasligini ta'kidladi.

Shundan so'ng, "Dok-1 Maks" dorisini ishlab chiqaruvchi Marion Biotech kompaniyasi O‘zbekistonda bolalar o‘limiga izoh berdi. Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi “Dok-1 Maks” bilan bog’liq voqealarga munosabat bildirdi. 

30-dekabr kuni esa Prezident Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbarini ishdan oldi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12907 | Инструменты