Ombudsman Surxondaryodagi shifoxonada IIB xodimi erkakni kishanlab, jismoniy kuch ishlatgani holati bo‘yicha munosabat bildirdi
Avvalroq, Surxondaryoda IIB xodimi qo‘l-oyog‘i bog‘langan erkakka kuch ishlatgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu video Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov tomonidan o‘rganildi.
Tasvirda qo‘li bog‘langan erkak boshqa bir ayol shikoyati bilan IIB navbatchilik qismi xodimi tomonidan Muzrabot tumandagi tibbiyot markazida tashkil etilgan alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktiga olib kelingan.
Videotasvirga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari xizmat kiyimidagi shaxs deraza oynalari panjara bilan to‘silgan xonada qo‘llari bog‘liq holda yotgan shaxsga jismoniy kuch ishlatgan.
O‘zaro janjal paytida qo‘pol muomalada bo‘lgan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish so‘nggi chora sifatida, tegishli normativ-hujjatlarga muvofiq qo‘llanilishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasi 1-qismiga ko‘ra, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani va hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Ombudsman tomonidan ichki ishlar organi xodimi tomonidan sodir etilgan har bir qonunbuzilish holatlari yuzasidan qat’iy ta’sir choralari qo‘llanilishini so‘rab Bosh prokuraturaga murojaat qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10716 | Инструменты