Huawei 1
Kanada AQShdan import qilinadigan 20,7 mlrd dollarlik tovarlarga boj joriy etadi

Kanada moliya vaziri Dominik Leblan 13 martdan AQShning 20,7 milliard dollarlik tovarlariga qo‘shimcha 25 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Bu boradagi qaror Qo‘shma Shtatlar tomonidan po‘lat va alyuminiy importida joriy etilgan bojlarga javoban qabul qilingan.

«Bugun men Kanada hukumati 2025 yil 13 martdan boshlab Qo‘shma Shtatlardan 29,8 milliard dollarlik import tovarlariga 25 foizli javob bojlarini joriy etishini e’lon qilaman. Bu 12,6 milliardlik po‘lat mahsulotlari hamda 3 milliardlik alyuminiy mahsulotlarini, shuningdek, 14,2 milliardlik [Kanada dollarida] AQShdan import qilinadigan qo‘shimcha tovarlarni o‘z ichiga oladi», — deydi Leblan.

Kanada — AQShning eng yirik po‘lat va alyuminiy yetkazib beruvchisi. Dominik Leblan Tramp ma’muriyati tomonidan ushbu tovarlar importida 12 martdan boshlab joriy etilgan bojlarni «asossiz» deb atadi.

Ottavaning javob choralari haqida Kanada mezbonlik qilayotgan G7 tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi avvalida e’lon qilindi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio savdo munosabatlarini Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli bilan muhokama qilishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 4 mart kuni AQShning Kanada tovarlari importiga 25 foizli bojlari kuchga kirdi. Bunga javoban Ottava Amerika tovarlariga ham shu kabi bojlarni joriy etdi. Shundan so‘ng Donald Tramp Kanada mahsulotlari uchun bojlarni ikki barobarga oshirishni va’da qildi, Jastin Tryudo esa Amerika prezidentini savdo urushini boshlashda aybladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31315 | Инструменты