Ukrainaning AQSh harbiy yordamisiz omon qolishi «juda, juda, juda qiyin» bo‘ladi — hozir ham, u Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini qaytarishga harakat qilayotganida ham, kelajakda, urush tugaganidan keyin ham. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 15 fevral, shanba kuni NBC News telekanali o‘z saytida e’lon qilgan Meet the Press dasturiga bergan intervyusida shu haqda gapirdi. Suhbat xavfsizlik anjumani o‘tayotgan Myunxenda yozib olingan.
Zelenskiy boshlovchi Kristen Uelkerga: «Amerika ko‘magisiz Rossiya bilan jang qilish haqida o‘ylashni xohlamayman» dedi. «Biz (AQSh bilan) strategik sherik bo‘la olmaymiz deb o‘ylashni istamayman», — deya qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiy: Putin o‘t ochishni to‘xtatish fonida ba’zi sanksiyalarni olib tashlashga erishmoqchi
Zelenskiy, agar Qo‘shma Shtatlar unga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etmasa, Kiyev kelajakda Rossiyaning navbatdagi yirik hujumiga duchor bo‘lishini aytdi. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokara stoliga urushni tugatish uchun emas, balki Rossiyaga qarshi ba’zi xalqaro sanksiyalarni bekor qiladigan va harbiy kuchlarining qayta to‘planishiga imkon beradigan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishmoqchi.
«U (Putin) haqiqatan ham shuni xohlaydi. U tanaffus qilishni, tayyorgarlik ko‘rishni, mashg‘ulotlarni o‘tkazishni, o‘t ochishni to‘xtatish fonida ba’zi sanksiyalarni olib tashlashni xohlaydi», — deya ishonch bildirdi Ukraina davlati rahbari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21520 | Инструменты