Huawei 1
O‘zbekistonda yana bir qimmatbaho baliq turi beluga uvildirig‘i inkubatsiya qilindi

Joriy yilning 5 oyi davomida “Qaraken sazani”, “Fishko”, “Qalkon savdo servis”, “Db group eco”, “Nodir fish farm”, “Navro‘z qut-baraka”, “Boyxon baliqlari” kabi xo‘jaliklar tomonidan lichinka ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu korxonalar tomonidan 350 mln dona baliq lichinkalari ishlab chiqarish imkoniyatlari yaratildi. Bu haqda AOKA bo‘lib o‘tgan brifingda "O‘zbekbaliqsanoat" uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “Fishko”, “Qalkon savdo servis”, “Sirdaryobaliqsanoat”, “Nodir fish farm”, "Sharsharali soy fayzi cluster", “Navro‘z qut-baraka”, “Boyxon baliqlari” kabi baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yangi quvvatdagi reproduktor havzalari barpo etilib, hozirda ushbu havzalarda 5 mln dona baliq chavoqlari yetishtirilmoqda.

Bugungi kunda respublika miqyosida 113 ta lichinka ishlab chiqarish hamda 290 ta chavoq yetishtiruvchi baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan karp, oq do‘ngpeshona, chipor do‘ngpeshona, forel, sibir osyotri, tilyapiya kabi baliq turlarining lichinkalari ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga yangi baliq turlarini iqlimlashtirish, zotlarni yangilash, hosildorlikni oshirish hamda kasalliklarga chidamli nasllarni yetishtirish maqsadida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instuti tomonidan Belorussiya, Rossiya, Germaniya, Tailand, Malayziya hamda Vengriya davlatlari bilan hamkorlik qilib kelinmoqda.

Institut tomonidan sovuq suv baliqlari sirasiga kiruvchi, uzoq yillar davomida jinsiy voyaga yetuvchi sibir osyotri balig‘i ustida ilmiy-tadqiqotlar olib borildi. Ushbu baliqni mahalliy sharoitda inkubatsiya qiluvchi texnologiyalar ishlab chiqildi. Bugungi kunga qadar mazkur baliqlardan sanoat usulida lichinka ishlab chiqarish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Hozirda 20 000 ga yaqin sibir osyotri baliq chavoqlar parvarish qilinmoqda.

O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos keluvchi, moslanuvchanlik va hosildorligi yuqori, eng asosiysi eksportbop bo‘lgan tilyapiya balig‘ining chavoqlari yetishtirilib, tovar baliq holatigacha yetishtirish ishlari olib borilmoqda. Belorussiya davlatidan tangali va tangasiz karp, oq amur, chipor do‘ngpeshona baliqlarining naslli zotlari, shu bilan birga, qimmatbaho baliq hisoblangan beluga balig‘ining uvildirqlari olib kelinib, inkubasiya qilindi. Kelajakda ushbu baliq turini O‘zbekistonda yetishtirish, oziqlantirish, kasalliklar bo‘yicha profilaktika ishlarini olib borishga qaratilgan texnalogiyalar ishlab chiqiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20123 | Инструменты