Huawei 1
Sony barcha turdagi disk va kassetalar ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Sony kompaniyasi shu oydan Blu-ray Disc (BD) optik axborot tashuvchilarini ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Ishlab chiqarishning to‘xtatilishi, shuningdek, MiniDisc, MD Data va MiniDV kassetalariga ham taalluqli bo‘ladi. Bu haqda “3DNews” xabar berdi.

2024 yilning o‘rtalarida Sony allaqachon iste’molchilar uchun mo‘ljallangan BD va boshqa optik disklari ishlab chiqarishni to‘xtatgan, biroq biznes va korporativ mijozlar uchun ishlab chiqarish liniyalari saqlanib qolgan edi. Ammo striming xizmatlari deyarli fizik tashuvchilarni siqib chiqargani sababli, tijorat savdosi pasayib ketdi va oqibatda optik tashuvchilar ishlab chiqarish biznesining rentabelligi yo‘qoldi.

Blu-ray Disc prototipi ilk bor 2000 yilda DVD vorisi sifatida taqdim etilgan. U birmuncha vaqt Toshiba tomonidan loyihalangan HD DVD bilan raqobat qilgan. 2006 yilda BD va HD DVD iste’molchilar uchun taqdim etilgan, biroq Sony kompaniyasining kino studiyalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va PlayStation 3 o‘yin konsoliga integratsiya qilinishi sababli Blu-ray formati g‘alaba qozongan.

Bugungi kunda Blu-ray disklari hanuz onlayn sotib olinishi mumkin, biroq ularning zaxiralari tugashi muqarrar. To‘g‘ri saqlash sharoitida optik tashuvchilar o‘nlab yillar davomida ma’lumotni saqlab turishi mumkin. Shu sababli ayrim ishlab chiqaruvchilar hali ham ularning ishlab chiqarishidan voz kechmagan. Masalan, Pioneer kompaniyasi 100 yil davomida ma’lumot saqlay oladigan Blu-ray disk ishlab chiqdi. Boshqa kompaniyalar esa millionlab yillar xizmat qiladigan optik tashuvchilarni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. 

“Blu-ray disklari ishlab chiqarishining to‘xtatilishi bir butun davrning yakunlanishini anglatadi. Ya’ni foydalanuvchilar endi ma’lumotni jismoniy shaklda saqlay olmaydi va zaxira nusxalar yaratish yoki sevimli filmlarini kolleksiya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda. Hozirgi striming kutubxonalarida egalik huquqining yo‘qligi raqamli ma’lumotlarning qanchalik mo‘rt va o‘tkinchi ekanini yana bir bor yodga soladi”, deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20201 | Инструменты