Huawei 1
Arab davlatlari Trampning falastinliklarni ko‘chirish taklifiga javob berdi

Arab mamlakatlari falastinliklarni o‘z yerlaridan ko‘chirishni har qanday holatda rad etadi. Bu haqda 1 fevral kuni Misr poytaxti Qohirada bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi yakuni bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

Ushbu bayonot AQSH Prezidenti Donald Trampning Misr va Iordaniya G‘azo sektori aholisini qabul qilishi kerakligi haqidagi chaqiriqlariga javob sifatida berildi.  Qo‘shma bayonotda Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Falastin ma’muriyati va Arab davlatlari ligasi vakillari bunday harakatlar mintaqadagi barqarorlikka tahdid solishi, nizolarni kuchaytirishi va tinchlik imkoniyatlarini zaiflashtirishini ta’kidlagan.

“Biz falastinliklarning uzviy huquqlari buzilishini, ularni o‘z yerlaridan haydash, uy-joylarini tortib olish, anneksiya qilish yoki boshqa shaklda majburiy ko‘chirishni har qanday holatda va har qanday asos bilan rad etamiz”, deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, vazirlar Tramp ma’muriyati bilan Yaqin Sharqda adolatli va mukammal tinchlikni ta’minlash yo‘lida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Uchrashuv Trampning o‘tgan haftadagi bayonotidan keyin bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH Prezidenti G‘azo sektori aholisi Misr va Iordaniyaga ko‘chirilishi kerakligini aytib, G‘azoni “vayron bo‘lgan hudud” deb atagan edi. Bunday taklif tanqidchilar tomonidan etnik tozalashga teng harakat sifatida baholangan.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 29 yanvar kuni Misr falastinliklarni ko‘chirishda ishtirok etmasligini va mamlakat aholisi bunga qarshi norozilik namoyishlariga chiqishini ta’kidlagadi.

Shunga qaramay, Tramp 30 yanvar kuni ushbu g‘oyani yana bir bor takrorlab, “biz ular uchun ko‘p ish qildik, endi ular bunga rozi bo‘lishi kerak”, deb bayonot berdi. Bu uning AQSHning Misr va Iordaniyaga ko‘rsatayotgan harbiy va moliyaviy yordamini nazarda tutishi sifatida baholandi.
Falastinliklarni G‘azo sektoridan ko‘chirish g‘oyasi falastinliklar rahbariyati tomonidan avlodlar davomida qoralab kelingan va 2023 yil oktyabr oyida G‘azo urushi boshlanganidan beri qo‘shni arab davlatlari tomonidan bir necha bor rad etilgan.

Iordaniyada allaqachon millionlab falastinliklar istiqomat qiladi, shuningdek, o‘n minglab falastinliklar Misrda yashaydi. Keyingi kunlarda Misr va Iordaniya Tashqi ishlar vazirliklari ham Trampning taklifini keskin rad etdi.
Shuningdek, arab davlatlari TIV rahbarlari BMT bilan hamkorlikda G‘azoni tiklashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish rejasini qo‘llab-quvvatlashganini ma’lum qildi. Konferensiya sanasi hali e’lon qilinmagan.

Avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo aholisini Iordaniya yoki Misrga ko‘chirish haqidagi taklifiga javoban isroilliklarni Grenlandiyaga jo‘natishni taklif qilgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20201 | Инструменты