1 fevral kuni Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va AQSH Prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot o‘tkazdi va Tramp as-Sisini rasmiy tashrif bilan Vashingtonga taklif qildi. Bu haqda Misr yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
“Tramp prezidentga ochiq taklif yo‘llab, uni Vashingtonga tashrif buyurib, Oq uyda uchrashishga chorladi”, deyiladi bayonotda.
O‘z navbatida, as-Sisi ham Trampni Misrga tashrif buyurishga taklif qilib, bu tashrif strategik hamkorlikni mustahkamlash va Yaqin Sharqdagi inqiroz hamda muammolarni muhokama qilishga xizmat qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u AQSH Prezidentiga yangi Misr muzeyining ochilish marosimida ishtirok etishni taklif qilgan.
“Ikkala Prezident ham Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikka erishishga bo‘lgan qiziqishini bildirdi”, deyiladi bayonotda.
Misr yetakchisi mintaqada barqaror tinchlik o‘rnatish muhimligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyat Prezident Trampning uzoq yillik nizolarni yakunlovchi doimiy va tarixiy tinchlik kelishuviga erishish qobiliyatiga umid bog‘layotganini qayd etgan.
Shuningdek, tomonlar ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro masalalar, davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsion aloqalarni mustahkamlash hamda suv xavfsizligi sohasidagi hamkorlik muhokama qilinganini bildirgan. Suhbat AQSH tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20201 | Инструменты