Agar Kiyev yaqin oylarda Rossiya bilan sulhga erisha olsa, AQSH Ukrainada 2025 yil oxirigacha prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilishini istaydi. Bu haqda AQSHning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg “Reuters” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ko‘pgina demokratik mamlakatlarda urush paytida ham saylovlar o‘tkaziladi. Bu juda muhim va demokratiya uchun foydalidir. Barqaror demokratiyaning mohiyati shundaki, unda har doim bir nechta nomzod ishtirok etishi mumkin”, deydi Kellogg.
“Reuters” manbalariga ko‘ra, agar Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilsa, g‘olib Moskva bilan uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun javobgar bo‘lishi mumkin. Biroq Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati hozircha Kiyevga saylovlarni yil oxirigacha o‘tkazish bo‘yicha rasmiy so‘rov bilan chiqmagan.
Ma’lumot uchun, 2023 va 2024 yillarda ham Bayden ma’muriyati vakillari ukrainalik hamkasblari bilan saylov o‘tkazish masalasini muhokama qilgan, biroq Kiyev bu taklifni rad etgan. Ukraina tomoni saylovlarning hozirgi beqaror sharoitda o‘tkazilishi mamlakat yetakchilarini bo‘lib yuborishi va Rossiyaning ta’sir kampaniyalariga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, uni rad etgan edi.
Ukraina hukumati vakillarining ta’kidlashicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin saylov mavzusidan kelajakdagi muzokaralarni buzish uchun bahona sifatida foydalanmoqda.
“U Ukrainada saylovlar o‘tkazilmasa, kelajakda u har qanday kelishuvlarga e’tibor bermasligini aytib, tuzoq qurmoqda”, dedi manba.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni mamlakatga qonuniy rahbar deb hisoblamasligini aytib, u bilan muzokara o‘tkazishga ruxsat bergan edi. Shu bilan birga, Zelenskiy bilan tinchlik shartnomasini imzolash imkoniyatini rad etgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20203 | Инструменты