Huawei 1
10-iyul kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar dayjesti

Toshkent Markaziy vokzalidan harakatlanuvchi ko‘plab poyezdlar bir oy davomida Janubiy vokzaldan qatnaydi

Bu “To‘qimachi” hamda “Toshkent yo‘lovchi” bekatlari oralig‘idagi temiryo‘lda texnik taʼmirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan amalga oshirilmoqda.

Elektr energiyasi importi va eksporti litsenziya asosida amalga oshiriladi

Endilikda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, elektr energiyasi bilan taʼminlash, markaziy xaridorning funksiyalarini bajarish, elektr energiyasi savdosi, importi va eksporti litsenziya asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qariyb 85 ming kub metr ichimlik suvi yo‘qotilgan

“O‘zsuvtaʼminot” bo‘limi boshlig‘i Asiljon Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, yuz bergan nosozlik bevosita 1970−1975-yillarda tortilgan suv quvurlarining bugungi kunda taʼmirtalab ahvolga kelgani va o‘sha tarmoqda ortiqcha bosim paydo bo‘lgani oqibatida kuzatilgan.

Timur Kapadze Parijdagi Olimpiya o‘yinlari uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi

Ushbu ro‘yxatdan bir futbolchi tushib qoldi. U jarohat sabab Parijga yo‘l oladigan tarkibdan o‘rin olmadi.

Jamol Nosirov Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi

Tayinlovga qadar u Buxoro shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasini amalga oshirishga oid xalqaro shartnoma tasdiqlandi

Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas'ul bo'lgan vakolatli organ etib belgilandi.

“Ipoteka bank”ka nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Raqobat qo‘mitasi “Ipoteka bank”ni Instagram‘da sahifasida omonat mahsulotini noto‘g‘ri reklama qilganlikda aybladi.

Senatorlar yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunni maʼqulladi

Qonunda raqobat muhitini rivojlantirish, xususiy sarmoyalarni jalb qilish va joriy etishni rag‘batlantiruvchi elektr energetika tarmog‘ining samarali faoliyat yuritishi uchun tuzilma va umumiy qoidalar belgilanmoqda.

Toshkent shahrida bankdan pul o‘g‘rilamoqchi bo‘lgan kiberjinoyatchilar ushlandi

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sergilidagi dahshatli avtohalokatda Spark yoʻlovchisi vafot etdi

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun maʼqullandi

Ushbu qonun yer uchastkalaridan samarali foydalanish hamda pillachilik va tutchilikni yana-da rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirishga, shuningdek yer uchastkalaridan va suv resurslaridan foydalanishda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oliy ta'lim vaziri xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilganini maʼlum qildi

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning izoh berishicha, hozirgacha O‘zbekistonda xususiy oliygohlar yetarlicha, endi ulardagi taʼlim sifati nazorati kuchaytirilyapti. Vazir oliygohlarda taʼlim sifati tushib ketsa, kadrlar ishsiz qolib ketishi, jamiyatda ishsiz oliy maʼlumotlilar ko‘payib ketishi mumkinligini bildirgan.

Markaziy bank to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirish kiritdi

Qarorga ko'ra, xalqaro moliya institutlari, chet el to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlari hisoblanmaydigan norezident yuridik shaxslar hamda norezident jismoniy shaxslarning to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkiloti ustav fondidagi jami ulushi 50%dan oshmasligi kerak.

O‘zbekistonda budjet mablag‘lari moliyaviy nazorati kuchaytiriladi

Shavkat Mirziyoyev shu masala bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

"Xitoyliklar bilan budjet modellar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdik" — “O‘zavtosanoat” rahbari prezidentga axborot berdi

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida hisobot bilan tanishdi.

Turkiyadagi deport markazidan 34 nafar ayol ozod etilib, O‘zbekistonga qaytarildi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbul va Bursa shaharlarida bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayollar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda 255 nafar ayolning muammolari o‘rganildi.

Ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi

Jamoat transporti bo‘yicha tenderlarda faqatgina nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilgan avtobuslar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Shahar jamoat transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni madaniy tadbirlar, ko‘ngilochar tomosha va marosimlarga jalb qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi.

Davlat xaridlari tizimida jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi

“Davlat xaridlari tizimini takomillashtirish va unda kichik tadbirkorlik subyektlari ishtirokini rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko'ra, 2024-yil 1-dekabrgacha davlat xaridlari tizimining mobil ilovalari yaratiladi.

O‘zbekistonda energiya resurslarini meʼyoridan ortiqcha sarflaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik taʼminoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida energiyani tejash hamda energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlari ko‘zda tutilmoqda.

“Qo'qon” EIZ hududi kengaytiriladi

Qarorga ko'ra, Farg'ona viloyatida import o'rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi jami 210,4 gektar yer uchastkalari hisobiga “Qo'qon” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты