18-yanvar kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar dayjesti

11 ta vazirlik va idora, 10 ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati sust baholandi

Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish boshlandi. Prezident bevosita investitsiya, sanoat va eksportga masʼul 11 ta vazirlik va idora, 10 ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, bundan tashqari, barcha vazirlik, tarmoq va hududlarda eksport va investitsiyaga masʼul rahbar o‘rinbosari faoliyat yuritayotgan investitsiyalar va tashqi savdo tizimining faoliyati juda sustligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qalin tuman Toshkent aeroporti faoliyatini cheklab qo‘ydi

Qalin tuman sababli bir qator reyslar muqobil aerodromlarga yo‘naltirilgan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari B.Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari D.Sattarov lavozimidan ozod qilindi

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi. Bundan tashqari Bosh vazirga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10 ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.

Chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkaziladi

Hozirda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4 ta idora, yaʼni, bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Vaholanki, talab etiladigan barcha sertifikat va ruxsatnomalar to‘liq raqamlashgan, nazoratchi xodimlar hujjatlar bor-yo‘qligini tekshiradi, xolos. Shu sababli chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi.

“Zomin”, “Chimyon” va “Amirsoy” hududida boj olinmaydigan yirik savdo komplekslari barpo etiladi

“Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko'ra, 2024-yildan turizm namoyishi obyektlarini o'zaro bog'lovchi “turizm halqalari”ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “O'zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi.

Texnik tartibga solish agentligi to‘liq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi

Umuman, ushbu sohadagi barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga yetkazish uchun adliya vaziri Akbar Toshqulov masʼul etib belgilandi. Ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, ushbu agentlikka rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirildi.

Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi

Yangi tizimga muvofiq, Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi. Shuningdek, ayrim elchi va savdo maslahatchilari yangi bozorlarni topish, ularga mahsulotlarimizni olib kirish haqida umuman bosh qotirmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

O'zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod qilindi

Prezident farmonga ko'ra, 2024-yil 1-martdan 2026-yil 1-martgacha tadbirkorlar tomonidan O'zbekiston hududiga olib kiriladigan o'xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan bir qator tovarlar bojxona bojlari to'lanishidan ozod etiladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi

"Shuncha mablag‘ hisobiga sanoat va eksport o‘smayapti-mi, demak yo loyiha “shishirilgan”, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yo‘q", - dedi davlat rahbari. Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.

Bosh vazirga 18 ta tuman va shahar hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi

Qayd etilishicha, Samarqand va Toshkent shahrida investitsiya jalb qilish darajasi past bo‘lgan. Shuningdek, 5 ta - baliqchilik, parrandachilik, zargarlik, asalarichilik, ipakchilik tarmoqlarida xorijiy investitsiyani jalb qilish ishlari eng sust darajada bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi

Agentlikning tumanlar kesimida investitsion xaritasi ham yo‘qligi ta'kidlandi. Agentlik rahbari Murod Mirzayevni egallab turgan lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi. Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga har bir hudud va tarmoqdagi o‘tgan yilgi qoloqliklarni hisobga olgan holda yangilangan investitsiya dasturini kiritish topshirildi.

Top Rank Bahodir Jalolovning Fyuri-Usik kardida jang qilishini tasdiqladi

Hozircha Bahodirga boʻlajak jangda kim raqiblik qilishi maʼlum emas.

Xalqaro moliya loyihalarida qo‘shib yozish va mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari kuzatilgan

Mutasaddilarga xalqaro moliya institutlari bilan ishlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Bunda loyihalar tanlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi, texnik-iqtisodiy asoslar moliya institutlari standartlari bilan uyg‘unlashtiriladi, tender jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi va takliflarni baholash muddati 1 oydan oshirilmaydi, moliya institutlari bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Vazirlar Mahkamasi oldiga hududlarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish dasturini qabul qilish vazifasi qo‘yildi

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda 25 turdagi oziq-ovqatni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshlash topshirildi. Bu korxonalarda xalqaro standartlar joriy etiladi, ularga xorijdan malakali texnolog va marketologlar jalb qilinadi.

“Oʻzgidromet” qor koʻchish xavfini eʼlon qildi

19-21-yanvar kunlari kutilayotgan yogʻingarchilik hamda havo haroratining keskin oʻzgarishi sababli respublikaning togʻli hududlarida qor koʻchish xavfi eʼlon qilindi.

Xorijiy taʼlim tashkilotlarida “O‘zbekshunoslik” kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

“Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yana-da oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Toshkentda bir oilaning uch nafar a’zosi vafot etdi

Poytaxtdagi xonadonlarning birida 3 yashar bola va uning ota-onasi vafot etdi. Oilaning 12 va hali 1 yoshga ham to‘lmagan qolgan 2 nafar a’zosi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

O'zbekistondagi barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda nogironligi bo'lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar yaratiladi

“O'zbekiston Respublikasida to'siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

O'zbekistonda endi ayrim tadbirkorlar foyda solig'ini 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasida to'laydi

Shuningdek, ekohududlarda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlarga “E-auksion” orqali faoliyat ko'rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga beriladi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida bojxona ishlari bo‘yicha o‘zaro ko‘maklashishga oid bitim tasdiqlandi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo'mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas'ul bo'lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Shahrisabz tumani hududida “Shahrisabz” turistik markazi tashkil etiladi

“Shahrisabz” turistik markazi “Miraki”, “Amir Temur”, “Uloch” va “Polmon” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasidan iborat bo‘ladi.

O'zbekistonda YeTTB ko‘magi bilan DXSH asosida 18 ming o‘rinli talabalar turar joylari quriladi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa tashkilotlar ko‘magi bilan DXSH asosida 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish loyihasi muhokama qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61305 | Инструменты